«Valdxof» — «Kayzerslautern» o‘yinidan so‘ng 85 nafar muxlis jarohat oldi
Huquq-tartibot xodimlari muxlislarni tribunalar tomon siqib chiqardi. Stadionda otliq politsiya ham jalb qilindi.
Germaniya kubogining 1-turida «Valdxof» va «Kayzerslautern» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng futbolchilar va muxlislar o‘rtasida janjal yuz berdi. Bahsda «Kayzerslautern» qo‘shimcha vaqtning 120-daqiqasida urilgan gol evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan keyin ikki jamoa muxlislari bir-biriga turli buyumlar, jumladan pirotexnika vositalarini ota boshladi. Vaziyat keskinlashib, muxlislar maydonga tushib ketdi. Tartibni tiklash uchun politsiya aralashdi.
Huquq-tartibot xodimlari muxlislarni tribunalar tomon siqib chiqardi. Stadionda otliq politsiya ham jalb qilindi.
To‘qnashuvlar oqibatida 35 nafar politsiya xodimi feyerverklar sabab yengil jarohat oldi. Umuman olganda, 85 kishi tibbiy yordamga murojaat qilgan. Bir necha muxlis hibsga olingan.
Politsiya haqorat, hujum va mulkka zarar yetkazish kabi turli huquqbuzarliklar bo‘yicha tergov ishlarini boshladi.